TOShKENT, 3 apr — Sputnik. Afsonaviy o‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina kuni kecha Bokuda sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Sportchi Sputnik nashriga bergan intrevyusida musobaqalar qanday o‘tganini so‘zlab berdi.
“Bu yerda raqiblar ko‘proq edi, sog‘lom kurash bo‘ldi. Shuning uchun qatnashish juda qiziqarli bo‘ldi. Albatta, har bir sportchi musobaqaga kelayotib, shohsupaga ko‘tarilishni istaydi, shu bois men yaxshi sakrashim kerak edi”, - deydi Chusovitina.
Erkaklar va ayollar sport gimnastikasi bo‘yicha FIG Jahon kubogi 31-martdan 3-aprelgacha Ozarbayjon poytaxtida bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqalarda dunyoning 34 ta mamlakatidan 145 nafar gimnastikachilar o‘zaro kuch sinashishmoqda.
Chusovitina uni musobaqa davomida qo‘llab-quvvatlagan va uning muvaffaqiyatiga ishongan barchaga, jumladan, muxlislari va yaqinlariga minnatdorchilik bildirdi.
“Bu nafaqat mening g‘alabam. Bu qisman muxlislarimning ham g‘alabasi. Bu g‘alabamni menga ishongan va meni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimga bag‘ishlayman, chunki ular menga kuch bag‘ishlashadi va ishtirok etish uchun g‘ayratimni oshirishadi”, - dedi sportchi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil avgustida Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari vaqtida Oksana Chusovitina sportdagi faoliyatini yakunlaganini ma’lum qilgan edi, biroq biroz vaqt o‘tib katta sportga qaytishga qaror qildi. U buni “faoliyatini O‘zbekiston uchun medalsiz yakunlay olmasligi” bilan izohlagan edi.
“Birinchi musobaqalarda juda hayojonli edi, aynan qaytish. Lekin buni uddasidan chiqdim, va men o‘zimga yanada ko‘proq ishona boshladim”, - deydi gimnastikachi.