TOShKENT, 3 apr — Sputnik. 2022 yil 1-apreldan O‘zbekiston qonunchiligida qator o‘zgarishlar ro‘y berdi.Adliya vazirligi ular haqida ma’lumot tayyorladi.
Keksalarga g‘amxo‘rlik
1 apreldan:
o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtiriladi;
sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga retseptga asosan 3 oylik ehtiyoj asosida dorilar, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi;
og‘ir tashxisli kasal hamda nogiron keksalarga shifokorlar retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha summasi kompensatsiya qilinadi;
keksalarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi;
davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari to‘liq qoplab beriladi.
Tadbirkor xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash
Tadbirkorlikni yangi boshlayotgan xotin-qizlarga ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 million so‘mdan 10 million so‘mga oshiriladi.
“Hunarmand” uyushmasi qoshidagi hunarmandchilik markazlarida kamida 40 foiz tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar joylashtiriladi.
2022 yilda subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltiriladi
Ijarada turgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara to‘lovining 50 foizi, ko‘pi bilan 500 ming so‘mgacha kompensatsiya beriladi.
Boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari bog‘cha pulidan ozod qilinadi
Boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarning:
farzandlari davlat bog‘chalariga to‘lanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinadi;
3 yoshgacha farzandlari uchun nodavlat bog‘chalarga budjetdan subsidiyalar ajratiladi.
to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat bog‘chalariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bolalarni pullik xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishga ruxsat beriladi;
kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan korxona va tashkilotlar o‘z huzurida bog‘cha tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi budjetdan qoplab beriladi.
Avtomobil sotib olish avtomatlashtiriladi
“UzAuto Motors” avtomototransportni xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan shaxsga avtomatik ravishda rasmiylashtiriladigan hisob-ma’lumotni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xizmatiga faqat elektron shaklda taqdim etadi.
Nogironlik nafaqasi hamda nogironlik pensiyasining miqdori oshiriladi
Mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – 440 000 so‘mdan 622 000 so‘mgacha oshiriladi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 ming so‘m parvarishlash nafaqasi to‘lanadi.
Ayrim hududlardagi maktablarda bepul ovqat beriladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-4-sinf o‘quvchilari bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlanadi.
Moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarga mukofot to‘lanadi
Davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarliklar holatlari to‘g‘risida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga “Davlat auditi” dasturiy kompleksi orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, ushbu ma’lumot asosida moliyaviy tekshiruvlar jarayonida aniqlanib, davlat foydasiga undirilgan mablag‘lar hisobidan mukofot to‘lanadi.
Ayrim shaxslarning aksiyalardan olgan dividendlari daromad solig‘idan ozod qilinadi
2024 yil 31-dekabrgacha:
O‘zbekiston rezidenti va norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarning aksiyalardan olgan dividendlari daromad solig‘idan ozod qilinadi;
norezident yuridik shaxslarning aksiyalar bo‘yicha dividendlari uchun foyda solig‘ining 5 foiz stavkasi tatbiq etiladi;
rezident va norezident jismoniy va yuridik shaxslarning xo‘jalik jamiyatlari obligatsiyalari bo‘yicha daromadlari daromad solig‘i va foyda solig‘idan ozod qilinadi.