Rossiya aviatsiyasi Poltava va Dnepropetrovskdagi harbiy aerodromlarni vayron qildi, dedi mudofaa vazirligi maxsus vakili general-mayor Igor Konashenkov bugungi brifingda.
Shuningdek, DXR qo‘shinlari Novobaxmutovkaning katta qismini egallab oldi va chekinayotgan Ukraina qo‘shinlari bilan jang qilmoqda. Kechasi bu hududda 40 nafarga yaqin millatchi, tank va 2ta motorli piyoda vzvod, shuningdek, minomot batareyasi yo‘q qilindi.
Yuqori aniqlikdagi qurollar Kremenchug neftni qayta ishlash zavodining benzin va dizel yoqilg‘isi saqlanadigan omborlarini vayron qildi, u yerdan markaziy va sharqiy hududlaridagi Ukraina qo‘shinlariga yoqilg‘i yetkazib berilgan.
Rossiya mudofaa vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning 2ta Mi-24 vertoloti, 24ta pilotsiz uchar apparati urib tushirildi. Ukrainaning 67ta harbiy obyektiga zarba berildi.
Rossiya 24-fevral kuni Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Prezident Vladimir Putin ushbu operatsiyaning maqsadi "sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlangan va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish" deb atagan. Buning uchun Ukrainani demilitarizatsiya (harbiy infratuzilmalarini yo‘q qilish) va denatsifikatsiya (millatchilik g‘oyalaridan tozalash) qilish talab etiladi.
Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, Qurolli Kuchlar faqat harbiy infratuzilma va Ukraina qo‘shinlariga zarba bermoqda. 25-martga kelib ular birinchi bosqichning asosiy vazifalarini bajarishdi - Ukrainaning jangovar salohiyatini sezilarli darajada kamaytirishdi.
Asosiy maqsad - Donbassni ozod qilish, deb ta’kidlandi mudofaa idorasida.