TOShKENT, 2 apr — Sputnik. Davlat soliq qo‘mitasi hay’at yig‘ilishida 13 nafar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i lavozimidan olindi, 40 dan ziyod rahbar xodimga intizomiy choralar ko‘rildi.
Andijon, Olot, Zomin, Paxtakor, Forish, Uchqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Urgut, Jarqo‘rg‘on, Termiz, Sirdaryo, Guliston tumanlari hamda Yangiyer shahar davlat soliq inspeksiyalari boshliqlari lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, soliq qarzini majburiy undirishga qaratishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun Asaka, Chiroqchi, Mingbuloq, Urgut, Mirzaobod, Sardoba, Bag‘dod, Qumqo‘rg‘on tumanlari hamda Quvasoy va Jizzax shahar davlat soliq inspeksiyalari bo‘lim boshliqlari lavozimidan ozod etildi.
Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida “Soliq hamkor” tizimi orqali tushgan murojaatlar bilan ishlash hamda ushbu yo‘nalishda nazorat tadbirlarini amalga oshirishdagi jiddiy xato va kamchiliklari uchun Nukus, Jizzax va Andijon shaharlari, G‘ijduvon, Chiroqchi, Karmana, Pop, Urgut hamda Bekobod tumani davlat soliq inspeksiyalari Sayyor soliq tekshiruvlari bo‘lim boshliqlari ham lavozimidan ozod etildi.