Roksana Xudoyorova Avstraliyadagi xalqaro musobaqada g‘alabaga erishdi

Kumush medalni qo‘lga kiritgan Kayla Kuba Roksanadan 3 sm past natija qayd etgan bo‘lsa, Ovusu Deysli 5 sm ortda qoldi.
Sputnik
TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoa a’zosi Roksana Xudoyorova Avstraliya ochiq chempionatida uch hatlab sakrash dasturida g‘alaba qozondi, deyu xabar qilmoqda Milliy Olimpiya Qo‘mitasi.
“Hamurtimiz musobaqada 13.54 metr natija qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Avstraliya terma jamoasi vakilalariga nasib etdi. Kumush medalni qo‘lga kiritgan Kayla Kuba Roksanadan 3 sm past natija qayd etgan bo‘lsa, Ovusu Deysli 5 sm ortda qoldi”, deyiladi xabarda.
Aytilishicha, Roksana Xudoyorova ertaga uzunlikka sakrash dasturida ham o‘z omadini sinab ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, Roksana Xudoyorova mart oyining boshida Avstraliyaning Kvinslend shtatida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro musobaqada ham uch hatlab sakrash dasturida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi. O‘shanda u sakrashda 13.60 metr natija qayd etgan.