TOShKENT, 31-mart — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘iga asosan tibbiyot xodimlariga "hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurish" bo‘yicha ta’qiq olib tashlandi. Bu haqida Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.
Deputatning yozishicha, Sog‘liqni saqlash vazirining 20.01.2016 yildagi 34-buyrug‘iga asosan tibbiyot xodimlari hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurishlari ta’qiqlangan edi. Ushbu buyruq bekor qilingan.
“O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarida fuqarolarga hijob va boshqa diniy kiyimlarda yurish bo‘yicha cheklovlar mavjud emas”, deya qo‘shimcha qildi Rasul Kusherbayev.
Ma’lumot o‘rnida, “Tibbiyot xodimlarini odob-axloq Kodeksi”da soha xodimlariga uzunligi tizzadan kalta bo‘lgan, shaffof va yaltiroq matolardan tikilgan, bichimi tor, ko‘krak, qorin, yelka qismi ochiq bluzka va ko‘ylaklar kiyish taqiqlanadi.
Muassasa hududida sport kiyimlari, kalta shim va krossovkalarda yurish ham mumkin emas. Hujjatda xodimlar jiddiy, ishchan va didli, ziyoli shaxs qiyofasini shakillantirish maqsadida korparativ kiyinish uslubi talablariga amal qilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.