Organizm meyorda ishlashi uchun har kuni moddalarning butun kompleksini qabul qilishi kerak. Shifokor-terapevt, parhezshunos Filipp Kuzmenko Sputnik radiosi bilan suhbatda qaysi mahsulotlarni muntazam iste’mol qilish, muzlatkichda saqlash va qaysilaridan ovqat tayyorlashda foydalanish zarurligi borasida tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
“Eng yaxshi holatda muzlatkichda beshta turdagi mahsulotlar bo‘lishi kerak. Sabzavotlar, mevalar kamalakning barcha rangidan bo‘lishi nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Nafaqat grechka, balki barcha turdagi yormalar ratsionda bo‘lishi lozim. Go‘shtli mahsulotlardan parranda go‘shti maqsadga muvofiq, chunki u ortiqcha vazn yig‘ishga olib kelmaydi. Va albatta, tvorog, yogurt kabi sut mahsulotlari va sutning o‘zi bo‘lishi kerak. Sog‘lom odamning muzlatkichidagi mahsulotlar turfa xil va rang-barang bo‘lishi zarur”, - deydi shifokor Filipp Kuzmenko.
Shifokorning ta’kidlashicha, menyu tuzishda albatta mahsulotlarning to‘g‘ri uyg‘unlashuvini ham hisobga olish kerak. Sabzavotlar va mevalar likopchaning kamida yarmini egallashi kerak, shunda organizm kerakli barcha moddalarni yetarli miqdorda oladi.
“Qolgani kim nimani afzal bilishiga bog‘liq. Proteinlar, uglevodlar va yog‘lar hayot uchun zarur- bu aniq, lekin odatda inson bu mahsulotlarning to‘g‘ri miqdorini olishi mumkin. Ammo ba’zan meva va sabzavotlar borligini unutib qo‘yamiz, afsuski. Ular hayotiy ahamiyatga ega”, - deydi Kuzmenko.