Samarqandda oltin qidiruvchilarning jinoiy guruhi fosh etildi

Oltin qidiruvchilarning 700 kg. ruda toshlari va 400 kg. oltin aralashmali tuproqlari olib qo‘yildi. Ular davlatga 275 mln. so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
Sputnik
TOShKENT, 31-mart — Sputnik. Tarkibida oltin moddasi bo‘lgan ruda toshlarini noqonuniy qazib olish va sotish bilan shug‘ullanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqida Samarqand IIB xabar bermoqda.
Aytilishicha, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda Paxtachi tumani IIB xodimlari Navoiy Kon-metallurgiya kombinatiga qarashli “Qora-qo‘ton” oltin qazib olish koni atrofida muntazam ravishda tarkibida oltin moddasi bo‘lgan ruda toshlarini noqonuniy qazib olayotgan jinoiy guruhni aniqlagan.
“O‘tkazilgan tadbirda, Paxtachi tumanida yashovchi jinoiy guruhning 8 nafar a’zosi ushlandi. Shu bilan birga, ular tomonidan foydalanib kelingan (1 dona drabilka, 1 dona tegirmon, 1 dona gaz balloni, 700 kg. ruda toshlari va 400 kg. oltin aralashmali tuproq) daliliy ashyo sifatida olindi”, deyiladi xabarda.
Ushbu jinoiy guruh topilgan ruda toshlarini qayta ishlash chog‘ida elektr energiyasidan ham noqonuniy ravishda foydalanib kelgan. Natijada davlatga 275 mln. so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Hozirda, jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.