Emine Erdo‘g‘an Ziroat Mirziyoyevaning mehmoni bo‘ldi

O‘zbekiston va Turkiya prezidentlarining rasmiy uchrashuvi doirasida Emine Erdo‘g‘an xonim o‘zbek milliy an’analari bilan tanishdi.
Sputnik
TOShKENT, 30-mart — Sputnik. Turkiya prezidenti va uning rafiqasining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida Ziroat Mirziyoyeva Emine Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining telegramdagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
“Kecha mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Prezidentining rafiqasi Emine Erdo‘g‘on bilan uchrashdik. Emine xonimni o‘zbek milliy an’analari, tarixiy qadamjolari, hunarmandchilik namunalari, milliy taomlarimiz bilan tanishtirdik”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Tashrif doirasida xonimlar Toshkentdagi Davlat amaliy san’at muzeyiga tashrif buyurishdi. U yerda XIX asrning birinchi yarmidan to hozirgi kunlarimizgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan qo‘li gul ustalar tomonidan yaratilgan bebaho amaliy san’at durdonalari bilan tanishishdi.
Shuningdek, mehmon muzey hovlisida sumalak pishirish jarayonida ham ishtirok etdi.