Uch kunda yetti milliard so‘mlik avtoraqamlar sotildi

Onlayn savdoga qo‘yilgan avtoraqamlarning umumiy soni 30 mingdan oshdi, ularning narxi 54 milliondan 135 million so‘mgacha.
Sputnik
TOShKENT, 29 mar — Sputnik. "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi"da 24 – 27-mart kunlari onlayn auksion orqali 3 137 ta avtoraqam sotildi. Bu haqida O‘zRXTB axborot xizmati xabar bermoqda.
“Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 7,1 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 4,4% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 10,7% ikkinchi, 12,1% uchinchi, 13,6% to‘rtinchi, 19,3% beshinchi va 39,8% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joiz, avtoraqamlar avtoraqam.uzex.uz saytida shaffof onlayn-auksionlar orqali sotilmoqda. Xozirda onlayn savdoga qo‘yilgan avtoraqamlarning umumiy soni 30 mingdan oshdi. Shundan buyurtma raqamlar 4 taga teng bo‘lib, ularning boshlang‘ich narhi 54 milliondan 135 million so‘mgacha baholangan.
Ma’lumot o‘rnida, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80 foizi —Davlat budjetiga, 20 foizi —Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.