TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Namanganda futbol bo‘yicha Navruz Cup-2022 musobaqasining final bahsi O‘zbekiston va Uganda terma jamoalari o‘rtasida kechdi.
35-daqiqada Jaloliddin Masharipov raqib darvozabonining xatosidan foydalanib hisobni ochdi. 39-daqiqaga kelib Eldor Shomurodov hisobni yana bittaga oshirdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida raqib jamoa futbolchisi Faruku Miya gol urib, hisobni qisqartirishga erishdi. Biroq ko‘p o‘tmay Shomurodov yana bitta gol muallifiga aylandi va O‘zbekistonni oldinga olib chiqdi. 74-daqiqada Shomurodov xet-trikni rasmiylashtirdi. 78-daqiqada “oq bo‘rilar” gol o‘tkazib yuborishdi va hisob 4: 2 ko‘rinishiga keldi.
O‘yin shu hisobda yakunlandi va O‘zbekiston birinchi marta o‘tkazilayotgan Navruz Cup-2022 ga ega chiqdi.
3-o‘rin uchun kechgan bahsda Tojikiston terma jamoasi Qirg‘izistondan ustun keldi.
Musobaqada Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Uganda va Tojikiston terma jamoalari o‘zaro kuch sinashishgan edi.