TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Yevropa Ittifoqi davlatlari gazni rublda sotib olishdan bosh tortsa, Rossiya uni bepul yetkazib berish niyatida emas. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Biz G‘arbiy Yevropaga gazni bepul jo‘natib, xayriya bilan shug‘ullanish niyatida emasmiz”, - dedi Peskov PBS telekanaliga bergan intervyusida. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirmoqda.
Boshlovchining to‘lovni amalga oshirmaganlar gaz yetkazib berilmaydimi degan savoliga, u shunday javob berdi: “To‘lov bo‘lmasa, gaz ham yo‘q”.
Shu bilan birga Kreml vakili gazni rublda sotib olishdan bosh tortishsa, qanday munosabat bildirishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaganini ma’lum qildi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 23-mart kuni hukumat a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Moskva do‘st bo‘lmagan davlatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazayotganini aytdi. Chunki Rossiya tovarlarini Yevropa Ittifoqi va AQShga yetkazib berish va to‘lovni ularning valyutasida olish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Shu bilan birga, davlat rahbari Rossiya gazni shartnomalarda belgilangan hajmda va narxlarda yetkazib berishda davom etishini ta’kidladi, chunki mamlakat o‘z obro‘sini qadrlaydi.
Rossiya rahbari 31-martga qadar hukumatga, Markaziy Bankka va “Gazprom”ga do‘st bo‘lmagan mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lovni rublga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan.