Abdulaziz Kamilov xorijda davolanmoqda – TIV

Vazir so‘nggi o‘n kun davomida surunkali kasalliklari tufayli Toshkentdagi shifoxonada tibbiy muolajalar olgan.
Sputnik
TOShKENT, 29 mar — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri xorijda davolanmoqda. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Kamilov so‘nggi o‘n kun davomida surunkali kasalliklari tufayli Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son Markaziy klinik shifoxonasida tibbiy muolajalar olgan.
Shifokorlarning xulosasiga ko‘ra, vazirning salomatligini yanada chuqurrok tekshiruvdan o‘tkazish zarurati yuzaga kelgan. Shu bois ayni kunlarda Kamilov ixtisoslashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tish va tegishli muolajalarni olish maqsadida xorijda davolanishni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Kamilov 17-mart kuni Senatning 24-yalpi majlisida ishtirok etgan edi. TIV xabariga ko‘ra, 18-mart kuni Janubiy Koreyaning mamlakatdagi yangi elchisi Kim Xi Sangni qabul qilgan.