Surxondaryoda tadbirkor bankning 220 ming dollarini talon-toroj qildi

Muzrabot tumanida MChJ rahbari “Aloqabank” ajratgan 220 ming dollar kreditni o‘zlashtirib yuborgan.
Sputnik
TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida tadbirkor bankning 220 ming dollar kreditini o‘zlashtirib yuborgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, “T.Y.E.” MChJ sobiq rahbari I.S. “Aloqabank” viloyat filialidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun 220 ming dollar kredit olgan. Keyin bu pullarni shaxsiy ehtiyojiga ishlatib yuborib, talon-toroj qilgan.
Shuningdek, tekshiruv davomida tadbirkor bank filiali mas’ul shaxslari bilan til biriktirib, asl bahosi 737,8 mln so‘m bo‘lgan bino narxini sun’iy ravishda oshirgani va uni 2,5 mlrd so‘mga garov ta’minoti sifatida qo‘ygani ham aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Buxoroda Asakabank xodimlari ikki million dollarni "yeb yubordi"