Surxondaryoda kartoshka ichiga yashirib olib o‘tilayotgan qariyb 155 kg gashish aniqlandi - video

"Ayritom" chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk mashinasiga ortilgan kartoshka orasidan gashish topib olindi.
Sputnik
TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Surxondaryo viloyati "Ayritom" chegara-bojxona postida giyohvandlik vositasining yashirin aylanmasi fosh qildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi (DBQ) matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasi respublikada tranzit tarzida harakatlanib, Andijon viloyatidagi "Do‘stlik" chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketishi kerak bo‘lgan. Hujjatlarga ko‘ra, unga 533 ta qopda 22 tonnadan ziyod kartoshka yuklangan.
Mashina ko‘zdan kechirilganida, yuklarning rentgen tasviri bojxona xodimlarida shubha tug‘dirgan.
Natijada avtomashinadagi kartoshka solingan 533 ta qopning 38 tasiga 1305 dona tayyorlangan kartoshka shaklidagi o‘ramlar — giyohvandlik vositalari joylangani fosh bo‘lgan.
Bu o‘ramlardagi gashish giyohvandlik vositasining umumiy og‘irligi 154 kilogramm 90 grammni tashkil qilgan.
Bojxona organlari jinoiy ish ochishgan.