TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Bugun, 28-mart kuni, kunduz kuni hududlarning katta qismida quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.
Kunduz kuni havo +15...+17 daraja iliqgacha, janubda +20...+22 daraja iliqgacha isiydi. Faqat respublikaning shimoliy hududlariga Volgabo‘yi hududlaridan sovuq antisiklon kirib kelishi boshlanadi.
Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, shamol tezligi 18-23 m/s gacha kuchayadi.
Bugun kechga tomon va ertaga antisiklon kirib kelishi mamlakatning barcha hududlariga tarqaladi. Respublika hududlari bo‘yicha (shimol va chekka janubdan tashqari) ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Ayrim joylarda shamol tezligi 18-23 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Sovuq front o‘tishida kunduzi harorat +7...+10 darajagacha pasayadi.
30 martdan 1-aprelgacha respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi, kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.
30 martda havo harorati kechasi 0...+3 daraja iliq, ba’zi joylarda -2 daraja sovuqgacha, kunduzi +12...+17 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Hafta oxiriga kelib kechasi harorat +5...+10 daraja iliqgacha ko‘tariladi, kunduzi havo +17...+22 daraja iliqgacha, janubda +23...+25 daraja iliqgacha isiydi.
Tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.