TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Qonunchilikda bir qator huquqbuzarliklar to‘g‘risida vakolatli organlarga xabar berilganda undirilgan jarimadan mukofot puli berish belgilangan. Bu haqda Adliya vazirligi eslatma bilan chiqdi.
Xususan:
yo‘l harakati qoidalariga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida ejarima portali orqali xabar beriladi va BHMning 5 foizi (13 ming 500 so‘m) miqdorida;
daraxt va butalarni noqonuniy kesish va shikastlashga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida Davlat ekologiya qo‘mitasiga xabar beriladi va BHMning 1 baravarigacha (270 ming so‘mgacha) miqdorida;
litsenziyasiz yoki ruxsatnomasiz, xabarnoma yubormasdan shunday hujjatlar talab qilinadigan faoliyat bilan shug‘ullanganlik to‘g‘risida litsenziya, ruxsatnoma berish vakolatiga ega organlarga (masalan, xususiy notariuslar bo‘yicha Adliya vazirligiga) xabar beriladi va undirilgan jarimaning 10 foizi miqdorida;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar beriladi, huquqbuzarlik turidan kelib chiqib BHMning 7 baravarigacha (1 mln 890 ming so‘mgacha) miqdorda;
xarid cheklarni bermasdan tovar sotganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik to‘g‘risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar beriladi va jarimaning 20 foizi miqdorida;
davlat moliyaviy nazoratiga oid qoidabuzarliklar to‘g‘risida “Davlat auditi” tizimi orqali xabar beriladi va undirilgan jarimalardan kelib chiqib mukofot pullari to‘lanadi.