Fevral oyida fuqarolarga qancha keshbek to‘lab berilgani aytildi

DSQ: xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazgan 183 mingdan ortiq iste’molchi 18,4 mlrd so‘m ishlab oldi.
Sputnik
TOShKENT, 27 mar — Sputnik. O‘zbekistonda fevral oyi uchun fuqarolarga 18,4 mlrd so‘m keshbek to‘lab berildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, fevral oyida iste’molchilar 27,9 mlrd so‘m keshbek yig‘ishgan va shundan 24-mart holatiga 12,1 mlrd so‘m to‘langan.
“26 mart holatiga ko‘ra, fevral oyi uchun keshbek to‘lab berilgan fuqarolar soni 183 052 nafarga, ularga to‘langan summa 18,4 milliard so‘mga yetdi”, - deyilgan xabarda.
Tadbirkorlik subyektlarining soliq hisobotlaridagi kamchiliklar tuzatilganligi bois iste’molchilarga yana 6,3 mlrd so‘m keshbek to‘lab berilgan.
Fevral uchun qolgan qolgan keshbek summalari ayrim tadbirkorlik subyekti soliq hisobotlarini topshirganidan? soliq qarzi to‘laganidan so‘ng va shubhali bo‘lgani sababli o‘rganish natijasidan kelib chiqqan holda to‘lab beriladi.
2022 yil 1-yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida xarid qilib, xarid chekini mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi qaytariladi.
Buning uchun iste’molchilar xarid chekining QR-kodini "Soliq" mobil ilovasida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazishlari lozim.