Qimmatbaho metallar qazib olishning yangi tartibi belgilandi - Nizom

Xususiy shaxslar va tadbirkorlar tomonidan qimmatbaho metallar qazib olish bo‘yicha yangi Nizom qabul qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 26 mar - Sputnik. Qimmatbaho metallarni xususiy shaxslar tomonidan qazib olishning yangi tartibi belgilandi. Bu haqida 25-mart kuni qabul qilingan 133-sonli Hukumat qarorida aytib o‘tilgan.
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Yangi Nizomda quyidagiar belgilangan:
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun ruxsatnomalar Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan har yili tasdiqlanadigan yer qa’ri uchastkalari bo‘yicha beriladi.
Bunda yer qa’ri uchastkasi ishonchli, aniq konturlari va chegaralari ko‘rsatilgan, o‘lchami 5 gektargacha bo‘lgan sochma oltin konlari bo‘ladi.
️Yer qa’ri uchastkalari “E-auksion” portaliga qo‘yiladi va uning bir gektari boshlang‘ich narxi BHMning 35 baravari (9 mln 450 ming so‘m) etib belgilanadi.
Ruxsatnomalar “E-auksion”dagi auksion yakunlari bo‘yicha faqat O‘zbekiston rezidentlariga 3-yilga beriladi.
Ruxsatnoma olganlar qazish ishlarini boshlashdan avval yozma ravishda hokimiyatni, Ekologiya, Sanoat xavfsizligi qo‘mitalari, Kon-geologiya inspeksiyasini xabardor qilishi kerak.
Qazib olingan qimmatbaho metallar qabul kassalariga, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga sotiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ruxsatsiz oltin qazib olish holatlari ko‘p uchramoqda. Eng achinarlisi fuqarolar qo‘lbola shaxtalarda tuproq ostida qolib vafot etish holatlari ham.