Shavkat Mirziyoyev Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

2021 yil yakunlariga ko‘ra Rossiya va O‘zbekiston orasida savdo-sotiq hajmi 7,5 milliard dollardan oshib ketgan.
Sputnik
TOShKENT, 26 mar - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikovni qabul qildi.
Uchrashuvda Shuningdek Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Oleg Malginov ham ishtirok etdi.
Maksim Reshetnikov Shavkat Mirziyoyevga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda Toshkent forumining muvaffaqiyatli natijalari bilan samimiy tabrikladi.
Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Rossiya hamkorligini kengaytirish bo‘yicha oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Sanoat kooperatsiyasiga doir aniq loyihalarni ilgari surish va o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarining ijobiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘tgan yil yakuni bo‘yicha ikki tomonlama tovar ayirboshlash uchdan birga ortib, rekord daraja – 7,5 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning birinchi oylarida savdo ko‘rsatkichlari 50 %dan ziyodga oshdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya ishtirokida tashkil etilgan 2 mingdan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, Rossiyadan iqtisodiyotimizga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.
Uchrashuvda ikki mamlakat hukumatlari darajasida yaqindan hamkorlikni davom ettirish, iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 24-mart kuni Xalqaro investitsion forum boshlangan edi. Forumga 49 mamlakatdan 1,5 mingdan ortiq vakillar ishtirok etishmoqda. Forumning 2 kuni yakunida imzolangan shartnomalar 2,5 mlrd. dollardan oshib ketgan.