TOShKENT, 25 mar - Sputnik. Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi tayindash avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Bu haqida AOKAda Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Zayniddin Aralov ma’lum qildi.
Moddiy yordam tayinlash yoki rad etish “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi ma’lumotlar asosida avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Nafaqani tayinlash yoki rad etish qarori haqida arizachiga SMS xabar orqali ma’lum qilinadi.
Quyidagi toifadagi fuqarolarga nafaqalar tayinlashda rasmiy daromad talab etilmaydi.
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobda turgan shaxslarga;
bola uch yoshga to‘lguniga qadar parvarish qililayotgan onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga);
ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlarga (ta’limning kechki va sirtqi shakllari bundan mustasno);
ishlamaydigan pensionerlarga, davlat pensiyasi tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga va mehnatga layoqatsizlik yuzasidan nafaqa oluvchi fuqarolarga, OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga, I yoki II guruh va bolalikdan nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha shaxslarga;
amalda tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritish bilan band bo‘lgan oila a’zolariga;
18 yoshgacha bolalikdan nogironligi bo‘lgan, shu jumladan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarning onalariga (onasi bo‘lmagan holda otasiga), oila a’zosi hisoblangan I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni yoki o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarni parvarish qilayotganlarga;
chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolariga;
sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘yicha jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lganligi munosabati bilan oilada bo‘lmagan a’zolariga;
oilaning chaqiriq bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan a’zolariga;
bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan yolg‘iz onalar (otalar)ga hamda nikohi bekor qilingan ayollarga;
rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi bir yil mobaynida "Temir daftar" ro‘yxatida bo‘lgan oilalarga;
to‘rt va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan farzandi mavjud bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli har bir a’zosiga nisbatan rasmiy daromad talab etilmaslik imtiyozi berilgan.
Shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilaga qonunchilik hujjatlarida belgilangan xizmatlardan foydalanish va imtiyozlarni olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ma’lumotnoma taqdim etiladi.