TOShKENT, 26 mar - Sputnik. O‘zbekiston Bojxona xizmati narkotik moddalarni izlab topishga o‘rgatilgan 10 bosh xizmat itini Tojikiston bojxona xizmatiga beg‘araz taqdim etdi.
Ushbu tashabbus Tojikiston tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olindi. Kuni kecha Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Oybek” chegara –bojxona postida ushbu xizmat itlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab ikkala mamlakat bojxona xizmati rahbarlari o‘rinbosarlari ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdilar.
Shundan so‘ng bojxona posti hovlisida xizmat itlarining qisqa ko‘rgazmali namoyishi bo‘lib o‘tdi va itlar tojikistonlik bojxonachilarga topshirildi.
Mazkur xizmat itlari Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazida “Giyohvandlik vositalarini qidirish” yo‘nalishida tayyorlangan.
Sadoqat ramzi bo‘lgan xizmat itlarining o‘z egalaridan boshqa qo‘lga o‘tishi biroz hayajonli kechdi. Lekin, ular tez orada yangi muhitga moslashib, xizmatda yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etishlariga ishonamiz.
Eslatib o‘tamiz bir necha kun oldin, Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi Akmalxo‘ja Mavlonov Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda bilan o‘tkazgan uchrashuvida maxsu tayyorlangan xizmat itlarini Tojikistonga beg‘araz topshirish tashabbusini ilgari surgan edi.
Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida o‘zaro bordi-keldilar va tashqi savdo aylanmasi tobora kengaymoqda. Bu esa ikkala mamlakat bojxona xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni ham yanada mustahkamlashni taqozo etadi.Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va bojxona qonunbuzilishi holatlariga qarshi kurashishdagi hamkorlik juda ham dolzarb.