Musulmonlar diniy boshqarmasi Ramazon oyining boshlanishini e’lon qildi
TOShKENT, 25-mart – Sputnik. Bu yil Markaziy Osiyo musulmonlari uchun muqaddas Ramazon oyi boshlanishi 2-aprelga to‘g‘ri keladi, deb xabar qilmoqda Sputnik Qozog‘iston.
Bu yil Ramazon oyi 2-aprelda boshlanib, 1-mayda tugaydi. Ro‘za-hayit 2-may kuniga to‘g‘ri keladi. Qadr kechasi (Laylatur-Qadr) 27-apreldan 28-aprelga o‘tar kechasiga to‘g‘ri keladi, - deyilgan xabarda.
Ushbu qo‘shma qaror uch davlat - O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idoralari tomonidan qabul qilindi.
Qozog‘iston diniy boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Nur-Sulton shahrida diniy idora rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va unda muqaddas oyning boshlanishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Ramazon musulmon taqvimining to‘qqizinchi oyi hisoblanadi. Bu oyda musulmonlar kunduzi tong qorong‘usi boshlangandan to quyosh botguncha ro‘za tutib, oy oxirida Ramazon hayitini nishonlaydilar.