O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi bog‘lovchi IT xabga aylanishi mumkin - Shermatov

O‘zbekiston 2030-yilga kelib bir million dasturchi tayyorlash rejasini bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 25 mar - Sputnik. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi bog‘lovchi IT xabga aylanishi mumkin, dedi Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Investitsion forum doirasida so‘zga chiqqan AKT vaziri Sherzod Shermatov.
Vazir aytishiga ko‘ra, bugungi kunda IT-Park 500 dan ortiq rezidentlarga ega, ularning 15 foizi yirik global va mahalliy kompaniyalardir. 2025-yilga kelib yirik va o‘rta IT-kompaniyalarni faol jalb qilgan holda rezidentlar sonini ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Shermatov aytishiga ko‘ra, IT-kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilishda ular uchun yaratilgan imtiyozlar ham hissa qo‘shmoqda. Xususan, bugungi kunda O‘zbekistonda mahalliy va xorijiy IT-kompaniyalar uchun quyidagi imtiyozlar yaratilgan:
IT-Park rezidentlari hisoblangan kompaniyalar 2028-yilgacha barcha korporativ soliqlardan ozod qilingan;
IT-kompaniyalar eksport faoliyatini amalga oshirishda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan xodimlar bilan xorijiy valyutada hisob-kitob qilish imkoniyatiga ega;
IT-kompaniyalar ofis va jihozlar, kamida 6 oylik ijara haqi, kommunal xizmatlar, internetga ulanish xarajatlari ko‘rinishida investitsiyalar bilan ta’minlanishi mumkin;
Undan tashqari O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasidagi ta’limga katta e’tibor qartilmoqda.
“Bugungi kunda yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 2000-yillarda O‘zbekistonda yuzga yaqin IT -mutaxassis bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 50 mingga yetdi. 2030-yilga borib ularning sonini bir million kishiga yetkazish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifa qo‘yildi”, deydi vazir.
Soha rivojiga ko‘ra, IT-mahsulotlar eksport hajmi ham oshib bormoqda. 2020-yilda - $16 mln., 2021-yilda - $46 mln., 2022-yilda - $100 mln. bo‘lishi, 2028-yil oxirigacha esa - $1 mlrd.ga yetishi kutilmoqda.