TOShKENT, 25 mar - Sputnik. Koronavirus pandemiyasi qachon tugaydi, degan savolga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus javob berdi. O‘zbekiston SSV xabariga asosan.
“Umumjahon vaksinalashning yuqori emlash qamroviga erishmagunimizcha, infeksiyalar ko‘payishi va yangi mutatsiyalar paydo bo‘lishi xavfiga duch kelaveramiz", — deydi T. Gebreyesus.
JSST raisi so‘zlariga ko‘ra, 2022-yilning ikkinchi yarmiga qadar barcha mamlakatlarda emlash darajasini 70 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Ayniqsa, bu jarayonda tibbiyot xodimlari, keksalar va boshqa “xavf guruhi”ga mansub qatlamni qamrab olish ustuvor ahamiyatga ega.
Biroq ayni paytda bu boradagi real vaziyat xavotirli. Negaki, hozirgacha dunyo aholisining bor-yo‘g‘i uchdan bir qismi (33%) COVID-19 infeksiyasiga qarshi to‘liq emlangan, xolos.
Ayni damla emlash qamrovi kam bo‘lgan davlatlarda kunlik kasallanish ko‘rsatkichlari oshib borapti, Yevropada esa pandemiyaning yangi to‘lqini avj olmoqda.
Bundan tashqari, yanvar oyidan buyon “yashirin omikron” deya atalayotgan BA.2 mutatsiyasi dunyo bo‘ylab keng tarqalmoqda. Dastlab Shvetsiya, Daniya, Norvegiya, so‘ng boshqa Yevropa mamlakatlari, ayni paytga kelib esa AQSh va Xitoyda bu variantni yuqtirganlar soni ortib borapti.