TOShKENT, 25 mar - Sputnik. O‘zbekistonda davlat idoralarining xizmat avtomobillari bosqichma-bosqich elektromobillarga almashtiriladi. Bu haqida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qarori loyihasida aytib o‘tilgan.
Hujjatga muvofiq vazirliklar, idoralar, budjet tashkilotlari, mahalliy hokimiyat organlari hamda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan korxonalar xizmat avtomobillari parkining 2025-yilga qadar kamida 10 foizigacha, 2030-yilga qadar 100 foizi bosqichma-bosqich elektromobillarga almashtiriladi.
Shuningdek, ushbu tashkilotlar tomonidan 2022-yildan boshlab xarid qilinadigan transport vositalarining kamida 20 foizi elektromobillar bo‘lishi talab etiladi.
Elektromobillar xarid qilishni rag‘batlantirish maqsadida 2022-yil 1-apreldan boshlab:
quvvatlantirish stansiyalari atrofida kamida 2ta elektromobil uchun to‘xtash joyi yer solig‘idan ozod etiladi;
yuridik shaxslarning quvvatlantirish stansiyalarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlari, daromad solig‘ini hisoblashda chegirib tashlanadigan xarajatlar hisoblanadi;
elektromobillarni respublika hududiga olib kirishda ular bojxona bojidan ozod qilinadi va 2027-yil 1-yanvarga qadar utilizatsiya yig‘imi to‘lashdan ozod etiladi;
respublika hududiga olib kiriladigan elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi texnologik asbob-uskunalari bojxona bojidan ozod qilinadi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga elektromobillar, gibrid avtomobillar va elektrobuslarni loyihalashtirish, sinash hamda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida dastlabki namuna sifatidagi avtomobillar, butlovchi qism va xom ashyo materiallar, shu jumladan, texnologik uskuna va jihozlarni (20 dona yoki mashina-to‘plamlar) xarid qilishda potensial xamkor korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga rozilik beriladi.