TOShKENT, 25 mar – Sputnik. Bundan 23-yil avval AQSh olimlari yorug‘ xonada uxlash ko‘rish qobiliyati pasayishiga sabab bo‘lishini aniqlagan edi. Yaqinda o‘tkazilgan yangi tadqiqot yorug‘ joyda uxlashning yana bir xavotirli oqibatini aniqladi.
AQSh Shimoli-g‘arbiy universiteti tibbiyot maktabi olimlari - har qanday yorug‘lik muhitida uxlash metabolik sindrom, ya’ni qandli diabet, yurak kasalliklari va erta o‘lim xavfini oshiradi, degan xulosaga keldilar.
Ular tajribada ishtirok etayotgan kishilarni yorug‘, o‘rtacha yorug‘ va nimqorong‘u xonalarga joylashtirildi. Ular ana shunday sharoitda tungi uyquga ketdilar. Tadqiqotchilar esa organizmdagi o‘zgarishlarni kuzatib borishdi.
Ertalab esa, yorug‘ xonada uxlaganlar qon tarkibida glyukoza miqdori oshib, organizmda meyoridan ortiq insulin ishlab chiqarilgani ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislar fikricha, agar bunday harakat davomli tus olsa, odamda bora-bora qandli diabet xastaligi rivojlanishi, ortiqcha vazn paydo bo‘lishi mumkin.
O‘rtacha yorug‘lik ta’sirida esa yurak urishi tezlashishi, yurak qisqarishi va qon aylanish meyori buzilishi kabi holatlar qayd etildi.
Xo‘sh, tungi uyqu uchun eng maqbul muhit qanday bo‘lishi kerak?
Olimlarning ta’kidlashicha, tunda, albatta, chiroqlarni o‘chirib uxlash lozim. Agar bunga ko‘nikish imkonsiz bo‘lsa, tunchiroqni polga yaqinroq joylashtirish tavsiya etiladi.
Qolaversa, ushbu jarayonda ranglarning ham ahamiyati katta. Qizg‘ish va to‘q sariq chiroqlar miyaga u qadar bosim o‘tkazmaydi. Oq yoki ko‘k rangli yoritkichlardan foydalanmaslik zarur. Elektron qurilmalar ekranlaridan taralayotgan yog‘du ham uyqu mahali salomatlikka ziyon yetkazadi.
Xona ichiga ko‘cha yoritkichlari nuri tushmasligiga ham e’tibor qaratish darkor. Bunday sharoitda qora pardalar yoki maxsus ko‘z niqoblarini qo‘llash foyda beradi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga asosan.