TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Qoraqalpog‘istonda to‘xtab turgan YPX mashinasi ustiga chiqqan voyaga yetmagan bolaning otasi jarimaga tortildi. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (YHXBB) ma’lum qildi.
Avalroq ijtimoiy tarmoqlarda bir fuqaro to‘xtab turgan YPX avtomobili ustidan yurib o‘tgani tasvirlangan video tarqalgan edi.
YHXBB xabariga ko‘ra, voqea 25-yanvar kuni soat 15:00 larda Qo‘ng‘irot tumani Ipak yo‘li ko‘chasida ro‘y bergan. 2005-yilda tug‘ilgan B.T. YHXBga tegishli to‘xtab turgan “Lacetti” maxsus xizmat avtomobilining ustiga chiqqan.
Holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazilib, to‘plangan hujjatlarni voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha tuman idoralararo komissiyasi o‘rgangan.
Bu voyaga yetmagan bolaning otasi J.T.ga nisbatan MJtKning 47-moddasi 1-qismi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan BHMning bir baravari miqdorida (270 ming so‘m) jarima jazosi belgilangan.