TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Bugun Respublika tovar-xom ashyo birjasining ochiq birja savdolari natijalariga ko‘ra, shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha kunlik narxi avvalgi savdo kuniga nisbatan 14 foizga pasaydi. Bu haqida “O‘zRTXB” AJ axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, shakarning bir tonnasi uchun narxi 10 101,3 ming so‘mdan 8 735,8 ming so‘mgacha pasaydi. So‘nggi ikki savdo kunlarida shakarning birjadagi narxi qariyb 30 foizga arzonlashgan.
“Shakarning birjadagi narxining pasayishiga bozor vositalarini qo‘llanilishi, jumladan birjaning shakar segmentida taklif darajasini oshirilishi hisobiga erishilgan” deyiladi xabarda.
24 mart kuni birja savdolariga jami 3 200 tonna shakar qo‘yilgan. Ulardan 2874 tonnasi (90 foiz) sotildi. Bunda, birja savdolari orqali "Xorazm shakar" MChJ tomonidan 1 600 tonna va "Angren shakar" MChJ tomonidan 1 274 tonna shakar sotildi.
Eslatib o‘tamiz, 19-mart kuni ushbu mahsulotning bir tonnasi uchun narx 15%ga pasaygan edi. O‘shanda birja savdolariga qo‘yilgan 2 100 tonna shakarning barcha hajmi sotilgan.