TOShKENT, 24 mar — Sputnik. O‘zbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov Markaziy bank stavkasi oshirilganiga qaramay, ta’lim va ipoteka kreditlari foiz stavkalari yil oxirigacha o‘zgarishsiz qolishini ma’lum qildi.
Prezident makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar bergan. Jumladan, Markaziy bankning asosiy stavkani 14 foizdan 17 foizga oshirgani tashqi omil ta’sirida vaqtinchalik chora sifatida ko‘rilmoqda.
“Bizda ikkita yirik dastur bor: ipoteka va ta’lim krediti. Tijorat banklaridan ipoteka bo‘yicha 20-yilga, ta’lim krediti bo‘yicha 7-yilga resurslar davlat budjetidan banklarga ajratiladi. Markaziy bank stavkasi bunga bog‘langan edi. Qonunchilik bo‘yicha resurslar uch foiz bandga va bankdan ajratilgan kreditlar ham uch foiz bandga oshishi kerak edi. Lekin yilni oxirigacha bu chorani qo‘llamaslik topshirig‘i (prezident tomonidan – tahr.) bo‘ldi, ya’ni ipoteka va ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz stavkalar oshirilmaydi”, – dedi Ishmetov.