TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Mart oyining o‘tgan davrida yong‘in, is gazidan zaharlanish va gaz-havo aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq fojialar yuz berdi. Bu haqida AOKAda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i O‘lmas Muzaffarov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
“Qish davrining ortda qolganligiga qaramasdan so‘nggi paytlarda respublikada isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida insonlarning is gazidan zaharlanish holatlari hamon tashvishli bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yillar tahlili natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘ziga xos yong‘inlar, is gazidan zaharlanish hamda gaz-havo aralashmasining chaqnash holatlari shu davrda sezilarli darajada faollashadi”, deydi O‘lmas Muzaffarov.
FVV yuqoridagi kabi fojialarga yo‘l qo‘ymaslik, baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida xavfsizlik qoidalariga amal qilishni so‘rab qolmoqda.
Xavfsizlik qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tavsiyalar:
qo‘lbola va nosoz gaz, elektr isitish moslamalaridan aslo foydalanmang;
isitish pechlari va ularning mo‘rilarini sozligi, mo‘rilarning turli buyum va to‘siqlar bilan berkilib qolmaganligiga doim e’tibor qarating;
mutaxassislarni jalb etgan holda isitish pechlari va ularning mo‘rilarini yana bir bor tozalatish choralarini ko‘ring;
isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiya va yo‘riqnomasi talablariga rioya qiling;
gaz uskunalarini ulash tartib qoidalariga rioya qiling;
gaz plitalardan xonalarni isitish maqsadida foydalanmang;
nosoz elektr rozetka, o‘chirgich, elektr jihoz va maishiy texnikalardan foydalanmang;
elektr sim va kabellarning tashqi himoya qobiqlarining himoyalash darajasi yo‘qolgan yoki zararlanganlaridan foydalanmang;
yosh bolalarni uyda qarovsiz qoldirmang va ularga olov bilan bog‘liq uy yumushlarni bermang;
Shu bilan birga, vazirlik xonada gaz hidi sezilsa, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmaslik, darhol xonani shamollatish, gaz uskunalari bilan nosozliklar aniqlanganda hududiy gaz ta’minoti filiallariga zudlik bilan xabar berishni tavsiya qilmoqda.