Tatariston rahbari O‘zbekistonga keldi

Rustam Minnixanov "Chirchiq" kimyo-industrial texnoparki qurilishiga tamal toshi qo‘yilishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etadi.
Sputnik
TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Tatariston rahbari Rustam Minnixanov amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida uni Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov kutib olishdi.
Rustam Minnixanov tashrifi davomida ishbilarmon doiralar va O‘zbekiston hukumati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazadi.
Rustam Minnixanov va Tatariston delegatsiyasining O‘zbekistonga ishchi safarining asosiy tadbirlaridan biri "Chirchiq" kimyo-industrial texnoparki qurilishiga tamal toshi qo‘yilishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etish bo‘ladi. Texnopark Qozonning “Ximgrad” texnopolisi bilan hamkorlikda bunyod qilinmoqda.
Texnopark hududida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega va xalqaro sifat standartlariga muvofiq neft-kimyo va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va Tatariston aloqalari
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tatariston prezidenti Rustam Minnixanovning qarorlari bilan "O‘zkimosanoat" va "Ximgrad" Chirchiq shahrida Rossiya kompaniyalarining ishlab chiqarishini mahalliylashtirishga mo‘ljallangan industrial park tashkil etmoqda. Texnopark hududida alohida soliq, bojxona va valyuta tartibotlari amal qiladi. Qonunda belgilangan soliq imtiyozlari, shuningdek, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar Texnopark ishtirokchilari, Direksiya va boshqaruv kompaniyasi tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan qat’i nazar 10-yil muddatga beriladi.
Texnopark faoliyatining asosiy yo‘nalishlari biri yuqori qiymatga ega bo‘lgan, tashqi bozorda xaridorgir va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilish, xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini ta’minlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish. Qolaversa, Toshkent viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash orqali mahsulot eksport salohiyatini oshirish maqsadida hududda ishlab chiqarishni kengaytirish vazifalardan biridir.
2021 yil yakunlari ko‘ra, O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 200 million dollarni tashkil etgan. So‘nggi besh yil ichida Rossiya bilan hamkorlikni rivojlantirish doirasida Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar mustahkamlandi.
Bugungi kunda vazirliklar, savdo-sanoat palatalari, korxonalar, tashkilotlar va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi qator kelishuvlar va memorandumlar imzolangan va amalga oshirilmoqda. Tataristonning KAMAZ, "Tatneft", "Ximgrad", "KER-Xolding", "Tatximfarmpreparati", POZiS va boshqa yetakchi kompaniyalari bilan samarali hamkorlik ishlari olib borilmoqda.