TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri aholisi xonadonlarga tabiiy gaz bosimi pasayib ketganidan shikoyat qilayotgan xabarlar tarqaldi. "O‘ztransgaz" bunga munosabat bildirib, hech qanday cheklovlar o‘rnatilmaganini ma’lum qildi.
Xabarda yozilishicha, bayram kunlarida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan kafolatli ta’minlash maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan.
Shu kunlarda "O‘ztransgaz" tizimidagi barcha kompressor stansiyalarining agregatlari va gaz taqsimlash stansiyalari bir maromda ish olib borishi uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilyapti.
"O‘ztransgaz" tunu kun navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan tizim korxonalari tomonidan strategik ahamiyatga ega korxonalar, aholi va ijtimoiy soha obyektlariga tabiiy gaz uchun hech qanday cheklov o‘rnatilmaganini ma’lum qilgan. Tabiiy gaz belgilangan limit doirasida bir maromda yetkazib berilmoqda.