TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida besh kishi noma’lum moddadan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 21-mart kuni shahardagi 62-Shikorbegi mahallasida ro‘y bergan. Xonadon tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Marhumlarning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, fuqarolar is gazidan zaharlanib vafot etganligi taxmin qilinmoqda.
Surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Musulmonlar idorasi Farg‘ona viloyati vakilligining aniqlik kiritishicha, "Hazrati Abbos" masjidi imom-xatibi Saidkamolxon Mahmudov, uning turmush o‘rtog‘i va uch nafar voyaga yetmagan farzandlari vafot etgan.