Yana bir qo‘shni davlat O‘zbekistonning kovid-sertifikatlarini tan oladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston kovidga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatni o‘zaro tan oladi
Sputnik
TOShKENT, 20 mar — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston COVID-19’ga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya xizmati xabar bermoqda.
Bu kelishuv joriy yilning 18-martidan amal qilishni boshladi.
Ikki davlat hukumatlari erishgan kelishuvlarga ko‘ra, mamlakatga kirishda emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlar mavjud bo‘lganda, koronavirusga PZR test topshirish shart emas.
Shuningdek, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga hamrohlik qilayotganlarning emlanganlik sertifikati bo‘lsa, PZR test topshirish talab qilinmaydi.
Ammo 5 yoshdan oshgan bolalar, ularga hamrohlik qiluvchilarning emlanganlik sertifikati bor-yo‘qligidan qati nazar, PZR test natijalariga ega bo‘lishlari shart.
Avvalroq Tojikiston va Turkiya 15 martdan O‘zbekistonda berilgan koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni rasman tan olishi xabar qilingan edi.