TOShKENT, 20 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Navro‘z bayrami arafasida jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 75 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 4 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 53 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 2 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi.
Shuningdek, 16 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 18 nafarini chet el fuqarolari, 17 nafarini ayol, 15 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 6 nafarini nogironlar hamda 9 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, 31-yanvar kuni ham Shavkat Mirziyoyev 63 nafar mahkumni avf etgan edi.