TOShKENT, 19 mar — Sputnik. Yashnobod tumanidagi omborxonada sodir bo‘lgan yong‘in bartaraf etildi, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.
Kecha, 18-mart kuni soat 20:45 da Toshkent shahar Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan "Oriyent logistik sentr" qo‘shma korxonasi hududida joylashgan motor moyi mahsulotlari (bochkalarda) omborida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida shahar FVBga xabar kelib tushdi.
Shunga ko‘ra, 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji, 3 ta maxsus va 2 ta yordamchi texnikalar voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 21:49 da qurshab olingan va 19-mart, soat 03:30 da bartaraf etilgan.
Yong‘in natijasida omborxonaning taxminan 2000 kvadrat metr maydonida moy mahsulotlari yonib zararlangan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Yong‘inning kelib chiqish sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.