TOShKENT, 18 mar — Sputnik. O‘zbekistonda bu yil bayram qayerlarda nishonlanadi? Turizm va madaniy meros vazirligi Respublika bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar ro‘yxatini e’lon qildi.
19-23 kunlari O‘zbekistonda Navro‘z bayramiga bag‘ishlab xalq sayillari, sumalak sayli, festivallar, sport o‘yinlari, madaniy tadbirlar, konsert dasturlari, yarmarka va ko‘rgazmalar tashkil etiladi.
Bayram tadbirlari 100 dan oshiq asosiy maydonlar, xiyobonlar va ko‘chalarda o‘tkaziladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi. “Navro‘z sayli”, “Navro‘z” umumxalq bayrami, “ Milliy o‘yinlar sport musobaqasi festivali” doirasida sport tadbirlari, “ Urf-odat, qadriyat” an’anaviy yoshlar sayli, Falklor jamoalar ishtirokida konsert dasturi, arqon tortish musobaqalari .
Andijon viloyati. Barcha istirohat bog‘larida “Navro‘z” umumxalq bayramlari.
Buxoro viloyati. “Navro‘z” umumxalq bayrami, sirk va dorbozlik yo‘nalishi bo‘yicha “Har kuning bo‘lsin, Navro‘z” shiori ostida madaniy tadbirlar, harbiy qismlarda taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturlari.
Jizzax viloyati. Barcha istirohat bog‘lari va sayilgohlarda “Navro‘z” umumxalq bayrami.
Navoiy viloyati. Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on shaharlari va tuman markazlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari, “Bahor ne’matlari” va “Eng yaxshi Navro‘z taomlari” ko‘rgazmalari, uloq-ko‘pkari, kurash, chillak, arqon tortish va boshqa milliy sport musobaqalari, dorbozlar va sirk jamoalari, taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturlari.
Namangan viloyati. Barcha istirohat bog‘larida “Navro‘z” umumxalq bayramlari.
Samarqand viloyati. “Navro‘z” umumxalq bayramlari, Shashlik festivali.
Toshkent viloyati. “Assallom Navro‘z” umumxalq bayramlari.
Farg‘ona viloyati. Barcha istirohat bog‘larida “Navro‘z” umumxalq sayillari.
Xorazm viloyati. Milliy dor o‘yinlari, rassomchilik va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, teatr haftaligi.
Toshkent shahri. Navro‘z etnik bog‘i va Yangi O‘zbekiston bog‘ida “Assallom Navro‘z” umumxalq bayramlari.
Umumxalq sayillariga mahalliy folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, sirk san’ati ustalari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlari jalb etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 17-fevral kuni bayramni har tomonlama yuksak saviyada o‘tkazish maqsadida prezident qarori qabul qilingan edi.