TOShKENT, 18 mar - Sputnik. Davlat xizmatlari va Intellektual mulk agentliklari Adliya vazirligiga qo‘shildi. Bu haqida O‘zbekiston prezidentining 17-mart kuni imzolangan yangi qarorida aytib o‘tilgan.
Qaror matniga ko‘ra, ushbu tarkibiy o‘zgarishlar quyidagi maqsadlarda amalga oshirilmoqda:
adolat va huquq ustuvorligini mustahkamlash;
aholiga professional xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruvni yaratish;
deklarativ xususiyatga ega vazifalarni bekor qilish;
funksiyalarni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini aniq belgilash va takrorlanishlarning oldini olish;
budjet mablag‘larini tejash;
huquqiy muammolarni hal etishda adliya organlarining roli va mas’uliyatini yanada kuchaytirish.
Shuningdek, qarorda quyidagilar ham belgilangan:
2022 yil 1-maydan boshlab mahalliy ijro hokimiyati organlari qarorlarini qabul qilishda hududiy adliya organlari ijobiy xulosasi olinishi belgilangan hollarda, bunday xulosa olinmasdan tegishli qarorlarni qabul qilish (chiqarish)ga yo‘l qo‘yilmaydi;
2023 yil 1-apreldan boshlab mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxasi majburiy tartibda Yagona bazada saqlanadi. Intellektual mulk markazi Yagona bazani yuritish, texnik ta’minlash, elektron nazorat nusxalarini bazaga kiritish uchun ma’sul operator hisoblanadi.
Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tarkibiy o‘zgarishlar natijasida boshqaruv xodimlari soni 110 taga, ya’ni 2,2 foizga qisqaradi. Markaziy apparat 10 foizga ya’ni 356 tadan 320 taga qisqartirildi.
Shuningdek, vazirlik tizimidagi bir-birini takrorlovchi vazifalar 35 tadan 23 taga (34 %) va funksiyalar esa 388 tadan 215 taga (46 %) qisqaradi.