Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilindi: nimalar o‘zgarmoqda

Senatorlar 1995-yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligini qayd etishdi.
Sputnik
TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Senatning 24-yalpi majlisida Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi ma’qullandi.
Ta’kidlanishicha, 1995-yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi va xususiy tadbirkorlik rivojlanishi jarayonida ish beruvchining mas’uliyatini, fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi, turli xil shakllarining faol rivojlanishini hisobga olmaydi.
Shuningdek, ish beruvchilarga, xususan, qo‘shimcha ishchilarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan yetarli shart-sharoitlar yaratmaydi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ishlab chiqishda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar jumladan, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Latviya, Estoniya Yaponiya, Janubiy Koreya hamda MDH davlatlari tajribasi chuqur o‘rganilgan.
Kodeks mehnat huquqining ayrim institutlariga bag‘ishlangan va bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish kabi yangi normalarni o‘z ichiga olgan.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilinishi bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari muvozanatini ta’minlaydi. Shuningdek, Mehnat kodeksi qoidalarini xalqaro huquq normalari, shu jumladan, O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga moslashtirishga xizmat qiladi.