DXX kiberxavfsizlik uchun javob beradi

Senatorlar “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunni ma’qullashdi.
Sputnik
TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Senat yigirma to‘rtinchi yalpi majlisda “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Qonun bilan Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Qonunning maqsadi mamlakatda kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Uning asosiy vazifalari kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish hisoblanadi.
Qonunda kiberjinoyatchilikni oldini olish, unga qarshi kurashish prinsiplari, mas’ul davlat organ va uning vakolatlari, kiberxavfsizlik hodisalari bo‘yicha choralar ko‘rish hamda xalqaro hamkorlik masalalari nazarda tutilgan.
O‘zbekistonda axborot xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq huquqiy normalar hozirgi va amaldagi global tendensiyalarga qanchalik mos keladi?
“O‘zbekistonda kiberhujumlarni kuzatib borish, ularning oqibatlarining oldini olish va yetarli darajada profilaktika choralarini ko‘rish imkonini beradigan davlat idoralari va texnik operatorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik tizimi mavjud emas. Shuning uchun ushbu qonun bilan kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi, uning huquq va majburiyatlari, davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari va resurslarining kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha talablar belgilandi”, - deydi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov.
Endi tahdidlar, hujumlarning oqibatlarini aniqlash hamda oldini olish, sohada mutaxassislar tayyorlashga yanada etibor kuchaytiriladi.
“Davlat organlari va tashkilotlari o‘z ta’sarufidagi axborot tizimlari va resurslarida saqlanayotgan ma’lumotlarni o‘g‘irlanishi hamda qalbakilashtirilishi holatlarini oldini olish choralarini ko‘rishi shart”, - deydi senator.
Qonun prezident imzolaganidan keyin kuchga kiradi.
DXX yana bir sohada vakolatli organ etib belgilanishi mumkin
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2021-yilda O‘zbekiston milliy internet segmentida 1,3 milliondan ortiq kiberhujum aniqlangani xabar qilingan edi. Eng ko‘p kiberhujum O‘zbekiston, Rossiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va AQSh hududidan amalga oshirilgan.