TOShKENT, 16 mar — Sputnik. Qashqadaryo viloyatining qator hududlarida “Jihodchilar” oqimi tarafdorlari faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar bermoqda.
47 yoshli shahrisabzlik Q.G‘. 2017-2020 yillarda Rossiyada ishlashi davrida ijtimoiy tarmoqlar orqali “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi (DEO) a’zolari ta’siriga tushib, ularni qo‘llab-quvvatlagan.
Doimiy yashash manziliga qaytib kelganidan keyin o‘z atrofidagilarga bu oqim g‘oyalarini targ‘ib qilgan va 6 kishidan iborat noqonuniy guruh tashkil etgan.
Boshqa holatda esa 1995-yilda Kasbi tumanida tug‘ilgan T.M. 2016-2021 yillarda mehnat migranti sifatida Moskva shahrida bo‘lgan davrida ekstremistik oqim tarafdorlari ta’siriga tushib qolgan.
Qaytganidan keyin ekstremistik mazmundagi materiallarini yaqinlariga targ‘ib qilgan. Shuningdek, u kelgusida uylanganidan so‘ng turmush o‘rtog‘i bilan birga Suriyadagi terroristik tashkilotlar safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgan.
Bundan tashqari, Mirishkor tumanida yashovchi 26 yoshli T.J. telegramda profil ochib, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni guruhdagi do‘stlariga tarqatgan.
Barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan. Guruhlarning boshqa a’zolari aniqlanmoqda.