TOShKENT, 16 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qozog‘istonlik hamkasbi Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
“Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli hodisalarning salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida yaqindan hamkorlikni davom ettirish va sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi”, - deyilgan xabarda.
Yetakchilar ikki tomonlama savdo hajmining o‘sish sur’atini ta’minlash, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va to‘qimachilik tarmoqlari, transport va logistika sohalarida yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidlashdi.
Shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuv dasturi doirasidagi qo‘shma tadbirlarni faol o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Hukumatga O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan ayrim mamlakatlarda yuzaga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan barcha salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish uchun aniq chora-tadbirlarning batafsil rejasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan edi.