TOShKENT, 16 mar — Sputnik. “Vardonze qo‘rg‘oni” arxeologik yodgorligining muhofaza hududiga va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar bermoqda.
Aytilishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yodgorlik hududiga zarar yetkazilayotganligi bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Agentlik ushbu masalani Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda o‘rgandi.
O‘rganish jarayonida Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “To‘ymurod Xolmurod o‘g‘li” fermer xo‘jaligi rahbari A.Q. tegishli idoralarning xulosalarini olmasdan obyektning muhofaza hududini og‘ir texnika yordamida surib, yer qazish, yer tuzish, ekin ekish va melioratsiya ishlarini amalga oshirgan.
“U ariq qazib, fermer xo‘jaligi yer maydonini arxeologiya obyekti muhofaza maydoni hisobidan kengaytirgan. Bu esa obyektning Rabod qismi madaniy qatlami yo‘qotilishi, hududdagi saksovul daraxtlarining nobud bo‘lishi hamda yer qa’rida saqlanib kelayotgan qadimgi tarixiy topilmalarning yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Hujjatlarga ko‘ra, obyektning yer maydoni va muhofaza hududi tuman hokimligining 2013-yildagi qaroriga asosan 124 gektarni tashkil etgan. Ammo, 2015-yilda hokimlik qonunchilikka zid ravishda, tegishli idoralarning xulosalarisiz obyekt hududini 76 gektar etib belgilagan.
Shuningdek, qisqartirilgan yer maydoni fermer xo‘jaligiga yaylov sifatida foydalanish uchun berilgan, biroq amalda fermer uni ekin maydoniga aylantirib yuborgan.
O‘rganish yakunida arxeologiya yodgorligining Rabod qismi yer maydonining 1.800 kvadrat metr qismiga shikast yetkazilishi oqibatida davlat manfaatlariga 26 mlrd. 730 mln. so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Agentlik tomonidan to‘plangan hujjatlar asosida ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat Kodeksining 132-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ma’lumot o‘rnida: IV-XV acplarga oid ushbu obyekt davlat muhofazasida bo‘lib, moddiy madaniy meros obyekti sifatida ro‘yxatga olingan.
O‘tgan yili obyektni Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha YuNESKOga taklif kiritilgan edi.