TOShKENT, 16 mar - Sputnik. So‘nggi kunlarda dunyoning bir necha mamlkatlarida Omikronning yangi shtammi keng tarqalmoqda, deb xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Xususan, Janubiy Koreya, Vyetnam, Germaniyada va Xitoyda aniqlangan omikronning yangi to‘lqini boshlangan. Masalan, Koreya Respublikasida kuniga o‘rta hisobda 340 ming yangi holat qayd etilyapti. 14-mart kuni bu ko‘rsatkich yanada oshib, 362 mingdan ziyod bemorga koronavirus tashxisi qo‘yildi.
Xavotirli jihati, endi kasallikning yangi to‘lqini yer yuzi aholisining eng katta qismi yashaydigan Xitoyda ham boshlanmoqda. Bu yerda aniqlanayotgan yangi holatlar Omikronning VA.2 mutatsiyasini tashkil etapti.
Xususan, mamlakatda o‘tgan kuni 1,5 mingga yaqin kishida ushbu variant aniqlandi. Birgina Szilin provinsiyasida 900ga yaqin odam infeksiyani yuqtirgan. Shanxay va Shenchjen shaharlarida ham xastalikka chalinganlar soni oshmoqda.
Shundan kelib chiqib Xitoy hukumati kasallik yanada keng tarqalmasligi uchun qat’iy cheklovlarni joriy qilmoqda. Bemorlar bilan aloqada bo‘lganlar majburiy karantinga olinyapti. Ba’zi hududlarda esa “lokdaun” e’lon qilinayotir.
Shuningdek, VA.2 Yevropaning qator mamlakatlarida ham faol tarqala boshladi. Oqibatda Buyuk Britaniya, Belgiya, Shveysariya va Niderlandiyada so‘nggi kunlarda kasallanishlar soni yana o‘sa boshlagan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi shtamm “omikron”dan ham yuqumliroq. Eng yomoni, unga chalinganda kasallik nisbatan og‘ir asoratlar bilan kechishi mumkin. Ayniqsa, u bemorning o‘pkasini zararlashi kuzatilyapti.
Qolaversa, ushbu virus mutatsiyasiga tashxis qo‘yish birmuncha murakkab. U ko‘p hollarda odatdagi PZR testlarida namoyon bo‘lmaydi. Shu sababli VA.2 allaqachon “yashirin shtamm” nomini olgan.
AQSh, Hindiston, Fransiya, Braziliya, Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Yaponiya singari mamlakatlarda pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda.