TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Madaniy meros obyektlari, muzeylar va turizm sohasidagi ta’lim muassasalari yanada obodonlashtiriladi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 110-sonli qarori qabul qilindi. Norma.uz xabariga asosan.
Ushbu hujjat bilan 2022-yilda turizm va madaniy meros obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Unga ko‘ra turizm obyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, madaniy meros obyektlarini restavratsiya, konservatsiya qilish va obodonlashtirish hamda madaniy-ko‘ngilochar infratuzilmalarni rivojlantirishga 61 ta loyiha yo‘naltirilgan. Ushbu maqsadlar uchun 262,8 mlrd so‘m ajratiladi.
Turizm xizmatlari sohasiga – 29,4 mlrd so‘m.
“Shahrisabz tarixiy markazi” butunjahon madaniy meros obyektining dastlabki regeneratsiya ishlari amalga oshiriladi.
“Ichan qal’a” hamda “Buxoro tarixiy markazi” butunjahon madaniy merosi joylashgan Xiva va Buxoro shaharlarining boshqaruv rejasi ishlab chiqariladi.
A373, M39, A380, M37 Xalqaro avtomobil yo‘llari bo‘yida milliy karvonsaroylar uslubidagi 4 turdagi namunaviy loyihalar ishlab chiqiladi.
“Qo‘qon-Turkiy dunyo turizm poytaxti” maqomini olgani munosabati bilan Qo‘qon shahrining infrotuzilmasi zamonaviy shaklga keltiriladi.
Madaniy meros obyektlari – 117,3 mlrd so‘m.
“Shoxi-zinda”, “Bibi-Xonim”, “Registon”, “Amur Temur” majmualari, “Saroy Mulk Xonim”, “Xo‘ja Doniyor” kabi maqbaralar shuningdek, masjid va madrasalar obodonlashtiriladi.
Muzeylar – 43 mlrd so‘m.
Muzey qo‘riqxonalari va alohida ko‘chmas mulk madaniy meros obyektlari, Xorazm viloyati Urganch shahridagi O‘zbekiston zamonaviy san’at muzeyi faoliyati yaxshilanadi.
“Muqimiy” nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrining loyiha- smeta hujjatlari ishlab chiqiladi.
Turizm sohasidagi ta’lim muassasalarini – 73,1 mlrd so‘m.
Samarqand shahrida “ShHT turizm va madaniy me’ros ta’lim bog‘i barpo etiladi.
Samarqand shahrida joylashgan bir nechta madaniy meros obyektlari negizida “Ipak yo‘li” san’at galereyasi, “Art rezidensiya”, “Ipak yo‘li instituti” tashkillashtiriladi.
Qayd etilishicha, ikki oy muddatda yangidan boshlanadigan loyihalar bo‘yicha tasdiqlangan loyihaoldi va loyiha hujjatlari asosida tender hujjatlari ekspertizadan o‘tkaziladi. Xarid qilish tartib-taomillari yakunlangandan so‘ng, tender g‘oliblari bilan pudrat shartnomalar tuziladi.