TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan ayrim shaxslarga xorijga chiqish pasporti berganlik uchun davlat boji undirilmaydi. Bu prezident imzolagan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunda belgilangan.
Qonun bilan biometrik pasport o‘rniga ID-kartalari joriy etilayotganligi sababli ayrim Kodekslar va qonunlarga ID-karta tushunchasi kiritildi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan shaxsga, shuningdek unga hamrohlik qiluvchi shaxsga xorijiy davlatda ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatilganda yoki jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganda xorijga chiqish uchun biometrik pasportini berganlik uchun davlat boji undirilmaydi”, - deyilgan hujjatda.
ID-karta berganlik uchun BHMning 89 foizi miqdorida boj undiriladi, xorijga chiqish uchun biometrik pasportni berganlik uchun esa BHMning 1 baravari miqdorida undiriladi (ilgari BHMning 1,2 baravari edi).
Shuningdek, ID-kartalarni, xorijga chiqish biometrik pasportini yo‘qotganlik, ularni yaroqsiz holga keltirganlik uchun javobgarlik belgilandi.