TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Sambo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi Kamoliddin Rasulovning o‘limi yuzasidan sud majlisi 14-mart kuni yakuniga yetdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi sudlanuvchi Sh.T.ni marhum sportchi Kamoliddin Rasulovni o‘ldirganlikda aybdor deb topgan.
“Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi ‘j’ bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topildi va unga nisbatan 15-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sudlanuvchining umumiy tartibli jazo koloniyalarida jazo o‘tashi va jazo muddati 2021-yilning 14-sentabrdan deb boshlanishi belgilandi”, — deya hukmni o‘qib eshittirdi sudya.
Sambo bo‘yicha jahon chempioni 29 yoshli Kamoliddin Rasulov 2021-yilning 13-sentabr kuni poytaxtning Uchtepa tumanidagi ko‘p qavatli uylar oldida o‘ldirib ketilgan edi.