Uch viloyatda yangi IES ishga tushirildi

Mart yakuniga qadar quvvati 230 MVt bo‘lgan navbatdagi issiqlik elektr stansiyasi ham ishga tushiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 14 mar — Sputnik. Shu yilning o‘tgan uch oyi davomida respublikaning 3 ta viloyatida umumiy quvvati 684 MVt bo‘lgan 3 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi (IES) ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.
Quyidagi IESlar ishga tushirilgan:
Buxoro viloyatining Buxoro tumanida quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi (11 yanvar);
Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi (14 yanvar);
Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida quvvati 174 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi (10 mart).
Ushbu 3 ta elektr stansiya yiliga 5 milliard 600 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Qurilmalarning energiya tejamkorligi hisobiga yiliga 725 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Buning natijasida qo‘shimcha 2 milliard 700 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
O‘zbekistonda yettita yangi elektr stansiyalari ishga tushiriladi
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, shu oy yakuniga qadar Qibray tumanida quvvati 230 MVt bo‘lgan navbatdagi, ya’ni 4- yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi.