TOShKENT, 14 mar — Sputnik. Qozog‘istondan qiymati 10 ming dollardan ortiq xorijiy valyutani olib chiqish taqiqlandi. Mamlakat prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tegishli qarorni imzoladi.
Quyidagilarni mamlakatdan olib chiqib ketish taqiqlanadi:
- 10 000 (o‘n ming) AQSh dollari ekvivalentidan ortiq miqdorda va Qozog‘iston Milliy bankining belgilangan kursi bo‘yicha hisoblangan naqd xorijiy valyuta va (yoki) xorijiy valyutadagi pul mablag‘lari;
- 5, 10, 20, 50 va 100 grammlik oltin quymalari hamda Milliy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan “ALTYN BARYS” (oltin) va “KÚMIS BARYS” (kumush) investitsiya tangalari, shuningdek, og‘irligi 100 grammdan ortiq tozalangan oltin.
Avvalroq Qirg‘izistondan naqd ko‘rinishdagi dollar olib chiqib ketish vaqtincha taqiqlangan edi. Taqiq tijorat banklari, valyuta almashtirish burolari, mikromoliya va mikrokredit kompaniyalariga taalluqli. Milliy bankning bildirishicha, mazkur qaror Qirg‘iziston iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.